Orqa miyaning qon bilan ta'minlanishi


Orqa miyaning qon bilan ta'minlanishi o'ziga xos xususiyatlarga ega. Yuqori spinal segmentlarni a. vertebralis dan ajralib chiquvchi oldingi va orqa spinal arteriyalar qon bilan ta'minlaydi. C4 dan pastda joylashgan spinal segmentlarni radikulomedulyar arteriyalar qon bilan ta'minlaydi. Radikulomedulyar arteriyalar juda ko'p. Ular butun orqa miya bo'ylab tarqalgan. Orqa miyaning bo'yin qismidagi radikulomedulyar arteriyalar bo'yinning chuqur arteriyalaridan (ba'zan, umurtqa arteriyasidan), ko'krak qismidagi radikulomedulyar arteriyalar – orqa qovurg'alararo arteriyalardan, bel qismidagilari -bel arteriyalaridan va nihoyat dumg'aza arteriyalari – lateral dumg'aza arteriyalari va yonbosh-bel arteriyalaridan boshlanadi (14.6 (a)-rasm).
 

14.6 (a)-rasm. Orqa miyaning qon bilan ta'minlanishi (uzunasiga ko'rinishi)
1    - aorta;
2    - bo'yinning chuqur arteriyasi;
3 - bo'yin kengligining oldingi radikulomedulyar arteriyasi;
4    - umurtqa arteriyasi;
5    - qovurg'alararo arteriyalar;
6    - yuqori qo'shimcha radikulomedulyar arteriya;
7    - oldingi katta radikulomedulyar arteriya (Adamkevich arteriyasi);
8    - pastki qo'shimcha radikulomedulyar arteriya;
9    - yonbosh-bel arteriyasi.
Izoh: rim raqamlari bilan orqa miya qismlah belgilangan: I - bo'yin; II - ko'krak; III - bel; IV- dumg'aza.
 
Oldingi va orqa radikulomedulyar arteriyalar farq qilinadi. Ularning soni turlicha. Oldingi radikulomedulyar arteriyalar soni 2-27 ta (ko'pincha, 4-8) bo'lsa, orqa radikulomedulyar arteriyalar soni 6-28 (ko'pincha, 15-20) ta bo'ladi. Radikulomedulyar arteriyalar nafaqat soni, balki topografiyasi bilan ham farq qiladi. Radikulomedulyar arteriyalar soniga qarab, spinal qon aylanishning 2 turi farqlanadi: magistral va tarqoq. Magistral tipdagi qon aylanish radikulomedulyar arteriyalar soni kam bo'lgan holatlar bilan bog'liq. Bunda oldingi radikulomedul­yar arteriyalar soni 5-10 ta, orqa radikulomedulyar arteri­yalar soni 6-8 ta bo'ladi. Radikulomedulyar arteriyalar soni ko'p, ya'ni oldingi radikulomedulyar arteriyalar 8-12 ta, orqa radikulomedulyar arteriyalar soni 20 va undan oshiq bo'lgan holatlarda tarqoq tipdagi spinal qon aylanish haqida so'z bo­radi.
Oldingi radikulomedulyar arteriyalarning yiriklari orqa mi­yaning bo'yin kengligi va pastki torakal segmentlar sohasidan chiqadi. Pastki torakal segmentlar proeksiyasida joylashgan oldingi yirik radikulomedulyar arteriyaga Adamkevich arteri­yasi deyiladi. Adamkevich arteriyasi umurtqa kanaliga Th9-Th11 yoki Th12 spinal ildizchalar bilan birgalikda kiradi. Ush­bu arteriyaning spinal segmentlarga nisbatan topografiyasi turlicha. Uning umurtqa kanaliga kirish joyi ba'zi odamlarda L2-L5 spinal ildizchalar proeksiyasiga to'g'ri keladi. Shuningdek, pastki qo'shimcha radikulomedulyar arteriya ham mavjud bo'lib, u epikonus va konusni qon bilan ta'minlaydi.
 
 
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.:, 2021., 312 b
             © Ibodullayev ensiklopediyasi    © www.asab.uz
 
 

 



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича