Striar sistema zararlanishi belgilari


Giperkinezlar striar sistema zararlanishining asosiy simptomlaridir. Giperkinezlar – xohish-irodaga bog'liq bo'lmagan holda keragidan ortiqcha namoyon bo'ladigan ixtiyorsiz ha­rakatlar. Ular avtomatik tarzda yuzaga keladi, hayajon va ix­tiyoriy harakatlar paytida kuchayadi, tinch holatda kamayadi, uxlaganda yo'qoladi. Giperkinez turlari ko'p.
Xoreya – tartibsiz, yuqori chastotali, turli amplitudali va to'satdan ro'y beradigan ixtiyorsiz harakatlar. Ular har doim betartibdir. Xoreik giperkinezlar yuz, qo'l va oyoqlarda ko'p, tanada esa kam uchraydi. Ular tinchlanganda kamayadi, uxlaganda yo'qoladi. Xoreik giperkinezlar, ko'pincha blefarospazm, burunni tortish, lab burchagini qimirlatib yuborish, mimik mushaklar spazmi, boshni silkitib yuborish bilan namoyon bo'ladi.
Atetoz – barmoqlarda kuzatiladigan chuvalchang harakatini eslatuvchi giperkinezlar. Atetoz sekin namoyon bo'ladi va asosan, qo'l barmoqlarida uchraydi. Atetoz hech qachon xoreya kabi yuqori chastotali emas. Xoreyadan farqli o'laroq, atetoz qo'l va oyoqlarning distal qismlari bilan chegaralangan. Ba'zida atetoz va xoreya birgalikda namoyon bo'ladi. U holda xoreoatetoz haqida so'z boradi. Boshqa giperkinezlar kabi ate­toz tinchlanganda kamayadi, uxlaganda to'xtaydi, hayajonlanganda kuchayadi.
Miokloniya – muskullarning tez-tez qisqarishi bilan namo­yon bo'luvchi giperkinezlar. Miokloniyalar, odatda, ritmik bo'la­di va ko'p hollarda ma'lum bir muskullar bilan chegaralanadi.
Tik – ma'lum bir muskulda qisqa muddat davom etib o'tib ketuvchi giperkinez. Tiklar mimik muskullarda ko'p kuzatiladi. Qosh uchishi, ko'zni qisib qo'yish kabi tiklar nevrozlarda ko'p uchraydi. Bolalarda tik sababi, ko'pincha, LOR infeksiyalar hi­soblanadi.
Tremor – turli amplitudali ritmik xususiyatga ega stereotip giperkinezlar. Asosan barmoqlar va boshda kuzatiladi. Tremor ko'pincha simmetrik tarzda namoyon bo'ladi. Barmoqlarni yozib ikkala qo'lni oldinga cho'zganda kuzatiladigan titrashga postural tremor, maqsadga yo'naltirilgan harakatlarni bajarayotganda kuzatiladigan titrashga kinetik tremor deyiladi. Agar tremor aniq bir harakatlarni bajarayotganda (kalitni eshik teshigiga tiqayotganda, imzo chekayotganda, nina teshigidan ip o'tkazayotganda) kuchaysa, bunga terminal tremor deb aytiladi. Terminal tremorning ikkinchi nomi - intension tremor. Titrashlar sog'lom odamlarda ham uchrab turadi va bunga fiziologik tremor deyiladi. Titrashlar nevrozda o'tib ketuvchi hususiyatga ega bo'lsa, essensial tremorda doimiydir.
Gemitremor – tananing bir tomonida kuzatiladigan yirik amplitudali stereotip hususiyatga ega ritmik giperkinezlar.
Gemiballizm – tananing bir tomonida, asosan qo'lning proksimal qismida kuzatiluvchi yirik amplitudali betartib giperki­nezlar. Gemiballistik giperkinezlar paytida gavda bir tomonga burilib ketadi. Atetozdan farqi shundaki, qo'1-oyoqlarning distal qismida kuzatilmaydi, gemitremordan farqi esa stereotip xu­susiyatga ega emas va ritmik tarzda namoyon bo'lmaydi.
Torsion distoniya yoki distonik giperkinezlar – bo'yin, bosh, qo'l va oyoqlar shaklini o'zgartirib yuborish bilan namoyon bo'luvchi noritmik giperkinezlar. Distonik giperkinezlar paytida ba'zi muskullarda rigidlik, boshqa birlarida gipotonus aniqlanadi. Servikal distoniya – torsion distoniyaning bir turidir.
Spazmlar – muskullar qisqarishi bilan namoyon bo'luvchi holatlar. Asosiy turlari quyidagilar: blefarospazm – orbital muskullarning qisqa muddatli tez-tez qisqarishi; yuzgemispazmi – mimik muskullarning bir tomonlama tez-tez qisqarishi; yuz paraspazmi – ikkala tomondagi mimik muskullar qisqari­shi; grafospazm – yozayotgan paytda barmoqlarda kuzatiladi­gan spazm; hiqichoq – diafragma muskullari qisqarishi; kasbiy spazmlar – turli xil kasblar tufayli ba'zi muskullarda ro'y beradigan vaqtinchalik spazmlar (o'ymakor, skripkachi, pianinochi, tor chaluvchi va h.k.). Spazmlar aksariyat holatlarda funksional xususiyatga ega.
 
 
 
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
         © Ibodullayev ensiklopediyasi    © www.asab.uz


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича