Tilosti nervi


Tilosti nervi (n.hypoglossus, XII nerv). Uning yadrosi uzun­choq miyaning pastki qismida, ya'ni rombsimon chuqurcha tubida yotadi. Bu joyga trigonum hypoglossi deyiladi. Yadroning pastki qismi orqa miyaning oldingi shoxi bo'ylab C2 segmentgacha tushib keladi. Tilosti nervi kalla suyagini canalis hy­poglossi orqali tark etadi va til muskullarini innervatsiya qiladi (6.47-rasni).
 Til muskullari 
                                            6.47-rasm. Tilosti nervi
 

 XII nerv yadrosiga keluvchi kortiko-nuklear yo'l oldingi mar­kaziy pushtaning pastki qismidan boshlanib ichki kapsulaning tizza qismi, miya oyoqlari va ko'prikdan o'tib uzunchoq miyaga tushadi. Ushbu tolalar uzunchoq miyaning pastki qismida kesishib qarama-qarshi tomonga o'tadi va n. hypoglossus yadrosida tugaydi. Demak, har bir yadro qarama-qarshi yarimshardan innervatsiya oladi.
Tekshirish usullari
Buning uchun sinaluvchidan tilini chiqarish so'raladi. Nor­mada til o'rta chiziqda turadi va hech tomonga og'maydi. Sog'­lom odamda tilning chap va o'ng tomoni bir xil va simmetrik bo'lib, fibrillyatsiya kuzatilmaydi (6.48-rasm).
 6.48-rasm. Normada til o'rta                  6.49-rasm. Til yarmi atrofiyaga
chiziqda turadi.                                    uchrab o'sha tomonga og'adi.
 
         Zararlanish simptomlari va topik diagnostikasi
Tilosti nervining periferik va markaziy falajliklari farqlana­di. XII nerv yadrosi va uning ildizchalari zararlansa, periferik falajlik rivojlanadi (6.49-rasm).

Tilosti nervining periferik falajligi. Bir tomondagi yadro yoki nerv zararlansa, tilning o'sha yarmi falajlana­di, atrofiya va fibrillyatsiya (fassikulyatsiyalar) kuzatiladi. Til o'choq tomonga og’adi. Dizartriya rivojlanadi. Tilosti nervi ikkala tomonda ham zararlansa, til butkul falajlana­di va anartriya rivojlanadi.
     Alternirlashgan gemisindrom. XII nerv yadrosi va shu yerdan o'tuvchi piramidal yo'llar zararlansa, o'choq to­monda tilning periferik falajligi, qarama-qarshi tomonda esa markaziy gemiparez rivojlanadi. Bunga alternirlash­gan Jekson sindromi deyiladi (11-rangli rasmga qarang).
      Tilosti nervining markaziy falajligi. XII nerv yadrosiga keluvchi kortiko-nuklear yo'llar zararlansa ro'y beradi. Chap yarimshardan keluvchi kortiko-nuklear yo'l zarar­lansa, tilning o'ng yarmi, o'ng yarimshardan keluvchi qis­mi zararlansa, tilning chap yarmi falajlanadi. Atrofiya va fibrillyatsiyalar kuzatilmaydi. Tilda atrofiya yo'qligi bois, artikulyatsiya saqlanib qoladi.
       Kortiko-spinal va kortiko-nuklear yo'llarning bir­galikda zararlanishi. Serebral insultda ko'p uchraydi. Ushbu simptomokompleks qarama-qarshi tomonda mar­kaziy gemiparez hamda VII va XII nervlarning markaziy falajligi bilan namoyon bo'ladi. Yo'llar zich joylashgan ich­ki kapsula zararlanishini bunga misol qilish mumkin.
      Kortiko-nuklear yo'llar ikki tomonlama zararlansa, psevdobulbar falajlik (disfagiya, disfoniya, dizartriya) rivojlanadi va oral avtomatizmi reflekslari (Marinesku-Rodovich, distant-oral, nazolabial) paydo bo'ladi.
 
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
              © Ibodullayev ensiklopediyasi    © www.asab.uz
 
 
 


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича