Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Vegetativ nerv sistemasi

Vegetativ nerv sistemasi


Anatomiyasi va topografiyasi. VNS funksional jihatdan simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga, topografik jihat­dan markaziy va periferik qismlarga ajratiladi (12.1-rasni).
 VNS ning markaziy qismi quyidagi boiimlardan iborat: 
1) Mezensefal – o'rta miyada joylashgan ikkita parasimpa­tik yadro. Bular III nervning juft {Edinger-Vestfal) va toq (Perlia) yadrolari;
 

  
  1. Bulbar – ko'prikda va uzunchoq miyada joylashgan 3 ta parasimpatik yadro. Bular: 1) nucleus salivatori­us superior (VII nerv); 2) nucleus salivatorius inferior (IX nerv); 3) nucleus dorsalis (X nerv).
  2. Torakolyumbal – C8, Th1-Th12, L1-L2 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan simpatik yadrolar;
  3. Sakral – S2-S4 spinal segmentlarning yon shoxlarida joy­lashgan parasimpatik yadrolar.Demak, simpatik nerv sistemasiga mansub yadrolar faqat torakolyumbal segmentlarda, parasimpatik nerv sistemasi­ga mansub yadrolar esa bosh miyaning mezensefal, bulbar va orqa miyaning sakral qismlarida joylashgan.
    Simpatik nerv sistemasi ham, parasimpatik nerv sistemasi ham ikki neyronli tuzilishga ega. Birinchi neyron MNS da, ya'ni bosh miya va orqa miyada yotadi. Unga preganglionar neyron deyiladi. Ikkinchi neyron periferik vegetativ tugunlarda (shu jumladan, truncus sympathicusda) joylashadi. Unga postgan­glionar neyron deb aytiladi. Preganglionar tolalar mielin par-da bilan qoplangan va shu bois oq rangga ega. Postganglionar tolalar esa mielin parda bilan qoplanmagan va shu bois kulrang tusga ega.
    VNS ning periferik qismiga vegetativ tugunlar, nervlar, simpatik poya (truncus sympathicus), vegetativ chigallar va ularning periferik tolalari kiradi.
     
    Simpatik nerv sistemasi
    Yuqorida qayd qilinganidek, simpatik nerv sistemasining markaziy va periferik qismlari farq qilinadi.
    Simpatik nerv sistemasining markaziy qismi C8, Тh1-Тh12, L1-L2 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan. Bularn-ing barchasi birgalikda simpatik markaz yoki torakolyumbal sistema deb aytiladi.
    Simpatik nerv sistemasining periferik qismi chap va o'ng tomondagi simpatik poya (truncus sympathicus), undan chiquvchi nervlar, ichki a'zolar yonida va ichida yotgan sim­patik tugunlardan iborat. Har bir simpatik poya vegetativ tugunlardan (ganglia trunci sympathici) tashkil topgan bo'lib, ular tugunlararo tarmoqlar (rr. interganglionares) bilan o'zaro bog'langan.
    Simpatik poyalar umurtqa pog'onasining ikkala yon tomo­ni, ya'ni paravertebral yo'nalish bo'ylab joylashgan. Bir-biriga simmetrik ravishda joylashgan simpatik poyalarning ustki qis­mi birinchi bo'yin umurtqasi (atlas), pastki qismi dum suyagi (os coccygis) sohasiga to'g'ri keladi.
    Har bir simpatik poya quyidagi 4 qismdan iborat:
    1. bo'yin – 3 ta tugun (ganglia cervicalia);
    2. ko'krak – 9-12 ta tugun (ganglia thoracica);
    3. bel – 4-5 ta tugun (ganglia lumbalia);
    4. dumg'aza – 4 ta tugun (ganglia sacralia).
  4. Chap va o'ng tomondagi simpatik poyaning eng pastki qismi tos ichida o'zaro birlashib toq tugunni (ganglion impar) hosil qiladi. Ganglion impar topografiyasi dum suyagi oldiga to'g'ri keladi.
    Ko'zning simpatik innervatsiyasi. Ko'zning simpatik innervatsiyasi С8-Тh1 spinal segmentlarning yon shoxlari bilan bog'liq. Bunga siliospinal markaz deyiladi.
    Ushbu markazda 1-neyron tanasi yotadi. Ularning ak­sonlari yuqori bo'yin tugunida (ganglion cervicale superi­us) to'xtaydi. Unda 2-neyron tanasi yotadi. Uning postganglionar tolalari ko'z kosasi ichiga kirib ganglion ciliare orqali to'xtamasdan o'tib, qorachiqni kengaytiruvchi muskulga (m. dilatator pupillae) boradi.
    Simptomlari. Ko'zni innervatsiya qiluvchi simpatik yadro va yo'llar zararlansa, Klod Bernar-Gorner sindromi rivojla­nadi. Uning simptomlari quyidagilar: 1) m. dilatator pupillae falajlanishi hisobiga mioz; 2) m. tarsalis superior zararlanishi hisobiga ko'z yorig'i torayishi (ptoz); 3) m. orbitalis falajlanishi hisobiga ko'z olmasi o'tirishi (cho'kishi) enoftalm.
     
    Parasimpatik nerv sistemasi
    Parasimpatik nerv sistemasi ham markaziy va periferik qismlardan iborat. Markaziy qismi mezensefal, bulbar va sakral qismlarga ajratiladi. Periferik qismi esa preganglionar va postganglionar parasimpatik tolalar, vegetativ tugunlar, chi­gallar va uning tarmoqlaridan iborat. Simpatik nerv sistema­si tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlardan farqli o'laroq, par­asimpatik nerv sistemasi tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlar innervatsiya qilinuvchi a'zolarga yaqin joylashgan.
    Ill nervning parasimpatik qismi. Mezensefal sohada yot­gan parasimpatik yadrolardan iborat bo'lib, ular qorachiqni toraytiruvchi hamda akkomodiatsiyaga mas'ul kiprik muskulini innervatsiya qiladi.
    Ko'zning parasimpatik innervatsiyasi. Edinger-Vestfal va Perlia yadrolaridan boshlangan tolalarfissura orbitalis superior orqali ko'z kosasi ichiga kirib siliar tugunga (ganglion ciliare) boradi. Siliar tugundan boshlangan postganglionar tolalar ko'z olmasi ichiga kirib quyidagi ikkita yumshoq muskulni inner­vatsiya qiladi: Edinger-Vestfal yadrosidan kelayotgan tolalar qorachiqni toraytiruvchi muskul [m.sphincter pupillae), Per­lia yadrosidan kelayotgan tolalar akkomodatsiya funksiyasini ta'minlovchi kiprik muskuli (m.ciliaris). Ushbu sxema III nerv yozilgan joyda keltirilgan.
    Eslatib o'tamiz, qorachiq reflektor yoyining afferent qismi II nerv tarkibida o'tsa, efferent qismi III nerv tarkibida o'tadi. Bunda Edinger-Vestfal yadrosi bilan bog'liq yo'llar qorachiq reflektor yoyining efferent qismi hisoblanadi. Efferent yo'llar orqali o'tuvchi motor impulslar m.sphincter pupillae tomon yo'naladi.
    Simptomlari. Qorachiqni toraytiruvchi muskul falajlanishi va simpatik innervatsiya oluvchi m. dilatator pupillae funksi­yasi kuchayishi hisobiga o'choq tomonda midriaz rivojlanadi. Qorachiq reflektor yoyining efferent qismi izdan chiqqanligi bois, o'sha tomonda qorachiq fotoreaksiyasi so'nadi. Kiprik muskuli falajlanishi hisobiga, akkomodatsiya funksiyasi izdan chiqadi.

     VII nervning (aniqrog'i n. intermedins, XIII nerv) para­simpatik qismi. Ko'prikda joylashgan yuqori so'lak ajratuvchi yadrodan (nucleus salivatorius superior) iborat.
    IX  nervning parasimpatik qismi. Uzunchoq miyada yotgan n. glossopharyngeus ning pastki so'lak ajratuvchi yadrosidan (nucl. salivatorius inferior) iborat. Undan preganglionar tolalar boshlanadi va quloq oldi so'lak bezlarini innervatsiya
     qiladi.
    X nervning parasimpatik qismi. Nucl. dorsalis nervi vagi dan iborat. Undan boshlangan preganglionar tolalar X nerv tarkibida bosh, ko'krak qafasi va qorin bo'shlig'ida joylashgan parasimpatik tugunlarga boradi. Ulardan boshlangan postganglionar tolalar yurak muskullari, qon tomirlar va ichki a'zolarning yumshoq muskullarini innervatsiya qiladi.
    Parasimpatik nerv sistemasining dumg'aza qismi. S2-S4 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan vegetativ neyronlardan iborat. Ularning aksonlari preganglionar tolalarni tashkil qiladi va oldingi 
  5. spinal ildizchalar tarkibida orqa miyani tark etadi. So'ngra bu tolalar tosning ichki a'zolari nerv­lari (nn. splanchnici pelvini) sifatida sigmasimon ichak, to'g'ri ichak va qovuqni innervatsiya qiladi.
     
    Vegetativ nerv sistemasi funksiyasi
    Simpatik va parasimpatik nerv sistemasi funksiyasi bir-biriga qarama-qarshi faoliyatdan iborat (12.1-jadval).
    Aytish joizki, teridagi umumiy sezgining segmentar inner­vatsiyasi, simpatik innervatsiya bilan mos kelmaydi. Buni bilish topografik tashxis qo'yishda yordam beradi (12.2-jadvaI).

     12.1-jadval
    Simpatik va parasimpatik nerv sistemasi funksiyalari
    Ichki a'zolarSimpatik nerv sistemasi qo'zg'alishiParasimpatik nerv sistemasi qo'zg'alishi
    QorachiqlarKengayadiTorayadi
    Yurak urishlariTezlashadiSustlashadi
    AQBOshadiPasayadi
    Qon tomirlarTorayadiKengayadi
    BronxlarKengayadiTorayadi
    Bezlar sekretsiyasiSustlashadiKuchayadi
    Ichaklar peristaltikasiSustlashadiTezlashadi
    Qovuq muskullariQisqaradiBo'shashadi

  6. To'g'ri ichak sfinkteriQisqaradiBo'shashadi
     
     
    12.2-jadval
    Terida umumiy sezgi va simpatik innervatsiya topografiyasi
     
    Tana sohalariUmumiy sezgiSimpatik innervatsiya
    Bosh va bo'yinC1-C3C8-Th3
    Qo'llarC5-Th2Th4-Th7
    TanaTh3-Th12Th8-Th12
    OyoqlarL1-S2Тh12-L2
     
    Terlash patologiyasi. Ma'lumki terlash jarayoni juda ko'p fiziologik va patologik holatlarda o'zgarib turadi. Ter bezlari tashqi ta'sirotlarga va ichki kasalliklarga juda sezgir. Terlash buzilishining eng asosiy simptomlari – bular gipergidroz va angidroz.
     
    Gipergidroz lokal va umumiy bo'lishi mumkin. Lokal gipergidroz ko'pincha idiopatik xususiyatga ega bo'lib, kaft, bosh va qo'ltig'ostida ko'p uchraydi. O'smirlik yoshida boshlangan bunday terlash, odatda yosh o'tgan sayin kamayib boradi.
    Angidroz, ya'ni terlashning yo'qolishi, asosan, simpatektomiyalar sababli ro'y beradi. Masalan, bunday operatsiya Reyno kasalligida o'tkaziladi. Kaftlar va qo'ltig'osti terlashidan aziyat chekadiganlar simpatektomiya operatsiyasiga murojaat qilishadi.Zaxarin-Xed sohalari. Ichki a'zolarda kuzatiladigan og'riqlar simpatik va parasimpatik yo'llar orqali vegetativ markazlarga yo'naltiriladi. Shuningdek, bunday og'riqlar ichki a'zo joylashgan proeksiyada emas, balki undanchekkaroqda aks etadi. Teridagi ushbu joylarga Zaxarin-Xed sohalari deb aytiladi (12.2-rasm).

     
  7. Yuqoridagi, ya'ni 12.2-jadvalda ko'rsatib o'tganimizdek, umumiy segmentar sezgi bilan vegetativ (simpatik) sezgi in­nervatsiyasi aksariyat hollarda bir-biriga mos kelmaydi. Nafaqat nevrologiya amaliyotida, balki ichki kasalliklar, shu jumladan psixosomatik buzilishlarda Zaxarin-Xed sohalarini bilish katta diagnostik ahamiyat kasb etadi.
           Vegetativ funksiyalarni tekshirish
    Aksariyat nevrologik va somatik kasalliklar VNS disfunksiyasi bilan kechadi. Tekshiriladigan vegetativ funksiyalar quyidagi jadvalda keltirilgan (12.3-jadval).
     
    Vegetativ funksiyalar va sinamalar
    • Ko'z yorig'i va qorachiqlar holati
    • Teri elastikligi va trofikasi
    • Shilliq qavatlar holati va trofikasi
    • Soch va timoqlar holati
    • Mahalliy va reflektor dermografizm
    • Pilomotor reflekslar
    • Ter ajralishi
    • So'lak ajralishi
    • Klinostatik sinama
    • Ortostatik sinama
    • Ichki a'zolar disfunksiyasi ham o'rganiladi.
  8.  
    Vegetativ buzilishlar. Ko'p terlash (gipergidroz) yoki kam terlash (gipogidroz), so'lak ajralishi kuchayishi (gipersalivatsiya), og'iz qurishi (giposalivatsiya), ko'z qurishi (kseroftalmiya), nafas ritmi buzilishi (bradipnoe, taxipnoe), yurak ritmi buzilishlari (taxikardiya, bradikardiya, aritmiya), yurak sanchishi, sinkopal holatlar, yuz va tananing qizib ketishi, ko'ngil aynishi, jig'ildon qaynashi, ich buzilishlari (qabziyat, diareya, meteorizm), tez-tez siyish (pollakuriya), libido 

  9.  
  10. susayishi, hayz sikli buzilishi, semirish yoki ozib ketish, qon bosimning «o'ynab turishi», oyoq-qo'llar sovuq qotib muzlabyurishi, turli periferik shishlar paydo bo'lishi, uyqu buzilish­lari (ko'p uxlash yoki uxlay olmaslik), tana harorati ko'tarilishi (hech qanday infeksion omillarsiz), qo'llarda titroqlar, fobiya va xavotir kabi simptomlar vegetativ markazlar disfunksiyasi hisobiga rivojlanadi. Ushbu simptomlarning qay tarzda namoyon bo'lishi simpatik yoki parasimpatik vegetativ mar­kazlar ustuvorligiga bog'liq.
    Albatta akrosianoz, angionevrotik shish, Gorner sindromi [ptoz, mioz, enoftalm), trofik o'zgarishlar va dermografizm bor-yo'qligiga e'tibor qaratiladi. Vegetativ sinamalardan Danin-Ashnerning ko'z-yurak refleksi va ortoklinostatik sinamalar o'tkaziladi.
    Danin-Ashnerning ko'z-yurak refleksi. Sinaluvchi gorizontal holatda yotqiziladi. Uning ko'z olmalariga ikkala bar­moq bilan 20-30 soniya mobaynida sekin-asta sezilarli darajada bosib turiladi (12.3-rasm). Normadapuls bir daqiqaga 8-9 ta urishga kamayadi. Masalan, puls 80 bo'lsa, u 70 ga tushadi. Bunday paytda ushbu refleks musbat hisoblanadi.
  11. Parasimpatik tonus ustuvorligida, ya'ni vagotonikda puis 16-20 urishga kamayadi, simpatik tonus ustuvorligida puis o'zgarmasdan qoladi yoki biroz tezlashadi. Agar ushbu sinamada puis tezligi o'zgarmasa, refleks manfiy deb yozi­ladi.Solyar refleks. Sinaluvchi gorizontal holatda yotqiziladi
     Solyar refleksni
    (12.4-rasm).                                                 tekshirish usuliSo'ngra quyosh chigaliga rasmda ko'rsatilganidek ikkala qo'l bilan 20-30 soniya mobaynida bosib turiladi. Normada AQB biroz pasayadi va puls 5-9 urishga kamayadi.
    Klinostatik sinama. Sinaluvchi 5 daqiqa mobaynida tik ho­latda turadi. Bu paytda u vertikal holatga moslashib oladi va uning pulsi sanaladi. So'ngra sinaluvchi gorizontal holatda yotqiziladi va 15 soniya mobaynida tomir urishi sanaladi. Sog'lom odamda puls 8-12 urishga kamayadi. Odam vertikal holatdan gorizontal holatga o'tganda VNS ning parasimpatik qismi faollashadi va puls kamayadi. Masalan, vertikal holatda turgan sinaluv­chining pulsi 90 bo'lsa, gorizontal holatga yotizilsa, uning pulsi 78-80 ga tushadi. Bu sog'lom odamda kuzatiladigan normal ho-lat. Vegetativ labillikda puls 12-15 dan oshiq tushib ketadi.
    Ortostatik sinama. Gorizontal holatda yotgan sinaluvchi­ning pulsi sanaladi. So'ngra undan vertikal holatga o'tish so'raladi. Normada puis 12-16 urishga tezlashadi. Tomir urishi bir daqiqaga 16-18 dan oshib ketsa, demak sinaluvchida sim­patik qo'zg'aluvchanlik kuchli. Bu patologik holat. Shunday qilib, ortostatik sinama VNS ning simpatik qismi qo'zg'aluvchanligini baholaydi.
    Mahalliy dermografizm. Tashqi ta'sirotlarga javoban teri rangi o'zgarishiga dermografizm deyiladi. Mahalliy dermo­grafizm terini o'tmas narsa bilan chizib chaqiriladi. Bir necha soniyadan so'ng chizilgan joyda oqimtir yoki qizil dog' paydo bo'ladi (12.5 (a)-rasm). Simpatik tonus ustuvorlik qiluvchilarda chizilgan joy oqarib, vagotoniklarda esa qizarib qoladi. Bu sinamani bilak, ko'krak sohasi yoki ikkala kurak orasida tek­shirish mumkin. VNS ning kuchli disfunksiyasida chizilgan joy qizarib bo'rtib qoladi.
    Reflektor dermografizm. To'g'nog'ichning o'tkir uchi bilan teriga chizib chaqiriladi. Bunga javoban biroz kengaygan qi­zil chiziq paydo bo'ladi ((12.5 (b)-rasm). To'g'nog'ichni kuchli bosish tavsiya etilmaydi! Reflektor dermografizmni tekshirish orqali spinal vegetativ tuzilmalar holati o'rganiladi. Periferik kapillyarlar kengayishi uchun javob beradigan spinal vegetativ markazlarning organik zararlanishida reflektor dermografizm chaqirilmaydi. Kuchli vegetativ disfunksiyada chizilgan joy ortiqcha qizarib bo'rtib qoladi va uzoq saqlanadi.12.5 (a)-rasm. Mahalliy dermog- 12.5 (b)-rasm. Reflektor dermo-
     rafizm. Bolg'achaning o'tmas uchi grafizm. To'g'nog'ichning o'tkir uchi
    bilan chizilgandan qolgan iz.             bilan chizilgandan qolgan iz
     
    Pilomotor refleks. Terming ma'lum bir joyiga (masalan, yelkaga) efir yoki sovuq suv sepiladi. Bunga javoban g'oz terisiga o'xshash holat paydo bo'ladi. Ushbu refleksni terini chimchillab ham chaqirish mumkin. Pilomotor refleks qattiq qo'rqqanda va sovuq qotganda ham chaqiriladi. Bu refleks spi­nal reflekslar sirasiga kiradi. Shu bois orqa miya kasalliklarida ushbu refleks sustlashadi yoki so'nadi (12.6-rasm)   Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.                © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
                 © Ibodullayev ensiklopediyasi    © www.asab.uz



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha