Xavotir — bu har bir inson hayotida uchraydigan tabiiy hissiyot. U asosan bizni xavf-xatar yoki noaniq vaziyatlarga tayyorlash, ehtiyotkor bo‘lishga undash uchun kerak. Normal holatda xavotir insonning psixologik “signal tizimi” sifatida ishlaydi: agar u butunlay bo‘lmasa, odamlar ko‘plab vaziyatlarda o‘zlarini himoyasiz his qilishardi va psixologik immunitet shakllanmas edi.
Biroq xavotirning ham darajalari bor: u yengil va qisqa muddatli bo‘lishi ham mumkin, uzoq davom etib hayot sifatini pasaytirishi ham mumkin. Qisqa va yengil xavotir holatlari odatda tabiiy bo‘lib, davolash talab etmaydi. Shunday vaziyatlarda darhol “Kasal bo‘lib qolibman” yoki “Nevrozga chalinganman” degan o‘y bilan shifokorga yugurishga shoshilmaslik kerak.
Oddiy, kundalik usullar ham yordam berishi mumkin:
sovuq suv ichish;
toza havoga chiqib sayr qilish;
muzqaymoq yeyish yoki yoqimli bir faoliyat bilan shug‘ullanish.
Bular organizmni tinchlantirib, yurak urishini me’yorga keltirishi, kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Agar xavotir uzoq davom etsa yoki kuchaysa, shunda mutaxassisga murojaat qilish foydali bo‘ladi.