depressiya psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
psixasteniya psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
nevrasteniya psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
hulq-atvor buzilishlari psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
qo‘rquv, xavotir va fobiya psixodiagnostikasi, psixoterapiyasi
psixogen bosh og‘riqlar psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
uyqu buzilishlari psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
psixogen bosh aylanishlar psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
neyrorespirator sindrom (havo yetmayotgandek fikr-hayollar)
yurak sohasidagi psixogen og‘riqlar diagnostikasi va psixoterapiyasi
tanadagi psixogen og‘riqlar diagnostikasi va psixoterapiyasi
jinsiy zaiflik psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
klimakterik nevroz psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
tug‘ruqdan keyingi psixozlarda tibbiy-psixologik yordam
boshqa turdagi psixosomatik sindromlar psixodiagnostikasi va psixoterapiyasi
Psixoterapiya – qalb va ruhni davolash, degan ma’noni anglatadi. Tibbiyot paydo bo‘libdiki, psixoterapiya qo‘llab kelingan. Psixoterapiya usullari asli Sharqda keng tarqalgan bo‘lib, bemorlarni davolashda ko‘p qo‘llaniladigan usullardan biri bo‘lgan.
Abu Ali Ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy, Ismoil Jurjoniy, Al-Karvakiy Xazoraspiy kabi buyuk allomalar o‘zlarining davolash usullarida giyohlardan tashqari, psixoterapiya usullarini ham qo‘llashgan. Asab va ruhiy xastaliklar bilan yotib qolgan bemorlar ularning tashrifidan va ishlatgan so‘zlardan tuzalib, oyoqqa turib ketganlar. So‘z buyuk kuchdir!. Psixoterapiyaning asosiy maqsadi ham so‘zni topib ishlata bilishda. So‘zni bemorlarni davolashda ishlata olish ham bir san’at. So‘z tibbiy psixologning asosiy quroli bo‘lib, bemorlarni davolashda undan o‘ta ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Ozgina extiyotizlik salbiy natija berib qo‘yishi mumkin. Tibbiy psixolog aynan so‘z orqali psixodiagnostika o‘tkazadi va so‘z orqali psixoterapiya olib boradi. Boshqa hech qaysi vrachlik kasbida bunday katta imkoniyat yo‘q.
Psixoterapiya usuli Yevropada XVII asrda venalik vrach va olim Mesmer tomonidan keng qo‘llab boshlangan. Tibbiyotda bemorlarni davolashda gipnoz usuli XVIII–XIX asrlarda J. Sharko, J. Bred, Z. Freyd, V.M. Bexterevlar tomonidan keng qo‘llanilgan. Nevrologiya fanining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan fransiyalik olim J. Sharko psixoterapiya usulini asab kasalliklarini davolashda keng qo‘llagan.
Psixoterapiya jarayoni bemor va vrach psixologiyasining asosiy obyektidir. Psixoterapiya o‘tkazayotgan paytda bemorning ruhiy holati, temperamenti, kasallikni keltirib chiqargan omillar va bemorning umumiy ahvoli albatta e’tiborga olinadi. Psixoterapevtik tajribasi yo‘q vrach bemorni davolashda qiynaladi. psixologik usullardan foydalangan holda davolashi lozim. Bu ish bilan faqat tibbiy psixolog shug‘ullanishi shart emas, albatta. Iloji boricha, bemorni davolaydigan vrachlar soni kam bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu haqda mashhur vrach X.F. Gufelyand (1762-1836) shunday degan edi. «Bitta vrach davolasa yaxshi, ikkitasiga ham chidasa bo‘ladi, lekin uchtasi – bu dahshat!» Bu bilan u bemorni davolovchi vrachlar hadeb ko‘payaversa, bemorning sog‘ayib ketishi qiyinlashadi, demoqchi. Doktorlarni maslahatga chaqirish mumkin, lekin davolovchi vrach bitta bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Shu yerda yatrogeniya haqida to‘xtalib o‘tsak. Yatrogeniyadeb, vrach yoki boshqa tibbiyot xodimining bexosdan aytib qo‘ygan so‘zi yoki tibbiy muolajalardan bemorda avval mavjud bo‘lmagan kasallik alomatlarining paydo bo‘lishiga aytiladi. Buning oqibatida yatropatiya rivojlanadi. Masalan, ukoldan so‘ng bemorning qo‘li yoki oyog‘i «ishlamay» qolishi, noto‘g‘ri tibbiy xulosalardan so‘ng mavjud bo‘lmagan yurak kasalidan davolanib yurish va h.k. Yatropatiyalarga misollar avvalgi boblarda keltirilgan.
Har qanday psixoterapiya o‘ta mohirlik bilan o‘tkazilishi zarur. Psixoterapiya bemorning shaxsi, temperamenti va kasallik turiga qarab ishlab chiqilmog‘i lozim. Obro‘li vrachning psixoterapevtik muolajalari muvaffaqiyatli chiqadi. Psixoterapiyaning yana bir afzal tomonlaridan biri unga bo‘lgan ishonch va ixlosdir. Psixoterapevtik muolajalar bemorning ahvoliga qarab, kasallik anamnezini chuqur o‘rgangan holda uzoq yoki qisqa vaqt davom ettirilishi mumkin. Davolash muolajalari cho‘zilib ketishi, bir xil bo‘lib qolishi yoki «Sizni uzoq vaqt davolashga to‘g‘ri keladi», qabilidagi gaplar ijobiy natijalarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Bu yerda Z. Freydning hanuzgacha bahs va munozaralarga sababchi bo‘lib kelayotgan so‘zlarini keltiramiz: «Natijasi qanday tugashidan qat’i nazar, davolash jarayoni oldindan belgilangan vaqtda tugatilishi kerak». Demak, davolash muddati oldindan belgilanishi va buni bemor bilishi zarur.
Tibbiy amaliyotda shunday holatlar bo‘ladiki, bemor doktorning kuchiga ishonadi, biroq o‘zining sog‘ayib ketishiga ishonmaydi, kasalim tuzalmas va dardim og‘ir, deb miyasiga singdirib oladi. Bu, ayniqsa, nevroz va ipoxondriya uchun juda xos. Bemorda davom etayotgan surunkali kasallik sababli uning oila a’zolari ham aziyat chekayotgan bo‘ladi. Ko‘p hollarda qaysidir bemorda uzoq davom etayotgan nevroz yoki depressiyaning sababi oiladagi, ayniqsa turmush o‘rtog‘i bilan bo‘ladigan kelishmovchiliklar bo‘ladi. Bunday paytlarda bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida turg‘in “salbiy dominant o‘choq” paydo bo‘lgani va uni parchalab yuborish uchun undan-da kuchli “ijobiy dominant o‘choq” hosil qilish kerak. Ushbu dominant o‘choq shu darajada kuchli bo‘lishi kerakki, u haor qanday salbiy dominant o‘choqni parchalab yuborishi kerak. Bu esa vrach yoki tibbiy psixologning ilm darajasi va mahoratiga ko‘p bog‘liq.
Psixoterapiya bir nechta bemorlarni to‘plagan holda ham olib borilishi ham mumkin. Bunday paytlarda kollektiv gipnoz haqida so‘z boradi. «Ko‘pchilik bilan seans o‘tkazish paytida bemorlar gipnozni bir-biriga yuqtirishadi va uning ta’sir kuchi yanada oshadi (V.M. Bexterev, 1915). Bemorni gipnoz usuli bilan davolamoqchi bo‘lgan gipnoterapevt uning shikoyatlarini aytayotganda, nimalarni ko‘p takrorlayotganiga ahamiyat berishi va bundan foydalanishi kerak».
Har bir odamning psixologik portreti bo‘ladi. Uni rassom emas, balkim Sizning o‘zingiz yaratasiz. Aynan mana shu psixologik portret boshqalarning Sizga bo‘lgan munosabatini belgilab beradi. Psixologik portret qanday yaratiladi? Barcha insoniy fazilatlardan voqif bo‘lsangiz va ulardan oqilona foydalana olsangiz Siz o‘zingizga chiroyli psixologik portret yarata olasiz. Odob va ahloq qoidalariga amal qilib odamlar bilan xushmuomalali, uyda va ishda ibratli bo‘lish, har bir so‘zni o‘ylab gapirish, o‘z labzida turish, sabr-toqatli va qanoatli bo‘lish, kattaga hurmat, kichikka izzatli va do‘stga sadoqatli bo‘lish, ota-onani ulug‘lash, oilaparvar bo‘lish, ochiq chehrali bo‘lish – bular psixologik portret elementlaridir. Bitta qiyin joyi – uni umringiz oxirigacha saqlab qolish. Psixologik portret rassomlar chizgan portretdan shunisi bilan farq qiladiki, uni borib ko‘rish shart emas, chunki u Sizni biladigan barcha insonlar qalbiga chizilgan bo‘ladi. Uni Sizdan boshqa hech kim o‘chirib tashlay olmaydi.
“Immuniteti past odam darrov shamollab qoladi” deyishadi. Buni hammamiz bilamiz. Psixologik immunitet haqida eshitganmisiz? Sal gapga arazlaydigan, yig‘laydigan va shu sababli darrov janjallashib ketadigan odamlarning psixologik immuniteti o‘ta past bo‘ladi. Bundaylar darrov nevroz kasalligiga chalinishadi, depressiyaga tushib qolishadi va ulardan psixologik yordamsiz chiqishga ancha qiynalishadi. Psixologik immunitetni qanday qilib oshirish mumkin? Agar tana immuniteti jismoniy chiniqish orqali kuchaytirilsa, psixologik immunitet ruhiyatni chiniqtirish orqali kuchaytiriladi. Xo‘sh nima qilish kerak? Psixologik immunitet qanday yo‘llar bilan kuchaytiriladi? Avvalombor inson ilmli bo‘lishi kerak. Ilmli degani – bu oliy ma’lumotli bo‘lish degani emas. Har bir inson, ayniqsa yoshlar tarbiya borasidagi kitoblarni o‘qib, ibrat beruvchi hikoyalarni tinglab, hayot tajribasiga ega bo‘lgan insonlar suhbatini tinglab, kattalar o‘gitiga amal qilib yashasa unda psixologik immunitet shakllanib boradi. Bunday odamlar kuchli xarakter sohiblariga aylanishadi. Ularni hafa qilish o‘ta mushkul, ular hayot zarbalariga o‘ta bardoshli bo‘ladi, ko‘zlagan maqsadiga sobitqadamlik erishadi. Ilm, ko‘nikma va hayot tajribasi asosida qilingan har qanday xulosa psixologik immunitetni yanada kuchaytiradi, boz ustiga imli odamni hech kim so‘ndira olmaydi, kuchi ham yetmaydi. Bundaylarga hammaning havasi keladi, har kim ularga o‘xshashga harakat qiladi, xatto yoshi katta insonlar ham ularning suhbatiga sherik bo‘lishga intilishadi.
Siz bu misralarni endi o‘qiyotgan bo‘lsangiz va yoshingiz 30 yoki 40 dan oshib qolgan bo‘lsa ham hech achinmang. Haliyam kech emas. Siz bugundan boshlab o‘z psixologik immunitetingiz ustida ishlashingiz mumkin. Buning uchun buyuk insonlar hayoti, donolar bisotidan, xikmatlar xazinasi, asab va ruhiyat, ruhiy tarbiya kabi kitoblarni mutoala qiling. So‘ngra avvalgi hayotingizga bir nazar tashlang, qayerda xatoga yo‘l qo‘ydingiz, qayerda sizni kim hafa qildi va nega hafa qildi, balki shu vaziyatga tushishga sizning o‘zingiz aybdordirsiz va h.k. Ishonamanki, siz o‘z ustingizda ishlab kuchli shaxsga aylanasiz va ushbu SHAXS himoyachisi – bu Sizning immunitet bo‘ladi!