Bixevioral terapiya (ingl. behaviour – “hulq-atvor”). 1913 yili amerikalik psixolog Djon Uotson (1878-1958) bixeviorizm haqida o‘zining dastlabki maqolasini chop qildiradi. U shunday deb yozgan edi: “Odamning fikri va ruhiyatini o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, avvalombor uning hulq-atvorini o‘zgartiring”. Ushbu g‘oya asosida bixevioral psixoterapiya shakllandi va XX asrning 50-60 yillari o‘smirlardagi hulq-atvor buzilishlarini korreksiya qilishda keng qo‘llab boshlandi va e’tirof etildi. Ushbu terapiya hulq-atvori o‘zgargan o‘smirlarda yuqori natija beradi, biroq katta yoshdagilarda samarasi pastroq. Bixevioral terapiya patologik tarzda o‘zgargan hulq-atvorni korreksiya qilish va uning uchun to‘g‘ri bo‘lgan uquvlarni shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bixevioral terapiya o‘tkazilayotganda o‘smirdagi hulq-atvorning har bir ko‘rinishi tahlil qilinadi va ular korreksiya qilib boriladi.
Bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan psixoterapevtik muolajalar paytida hulq-atvordagi patologik o‘zgarishlar sog‘lom hulq-atvor sifatlari bilan “almashtiriladi”. Demak, bixevioral terapiya hul-atvor o‘zgarishiga olib kelingan sabablar ustida emas, balki bevosita patologik hulq-atvorni yaxshi tomonga o‘zgartirish bilan ishlaydi. Sog‘lom hulq-atvor hamda o‘zini-o‘zi boshqarish uquvlari shaklangan sayin, undagi fikr ham o‘zgarib boradi, o‘smirda o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi, uning turmush tarzi ham o‘zgarib sotsial adaptatsiyaga erishiladi.