Ratsional-emotiv psixoterapiya metodi 1955 yili Albert Ellis tomonidan ilgari surilgan. Uning asosiy mohiyati ham kishining o‘zi, o‘zgalar va jamiyat haqidagi fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan. Bu nazariyaga binoan nevroz, depressiya, xavotir, aybdorlik hissi va shu kabi boshqa psixologik muammolar ruhiy jarohat yetkazuvchi omillar va vaziyatlar sababli emas, balki kishining ushbu omillar va vaziyatlarga nisbatan shaxsiy munosabati va o‘y-xayollari sababli yuzaga keladi. Masalan, Sizni kimdir qattiq hafa qildi va bundan kayfiyatingiz tushib ketdi. Bu vaziyatda Siz u odamni emas, balki o‘zingizni aybdor deb hisoblaysiz. Demak, Siz tanqidga loyiksizki, u Sizni shu kuyga soldi. Aslida unday emas. Ayb Sizda emas, balki Sizni tanqid qilgan odamda yoki tanqid muhiti yaratilgan o‘sha vaziyatda. A.Ellis shunday deb yozadi: “Insonda o‘zi haqidagi bunday noto‘g‘ri tasavvurlar uzoq davom etaversa, unda turli xil ruhiy-hissiy buzilishlar, shu jumladan depressiya rivojlanadi.”. Ellis shunday qoidani o‘rtaga tashlaydi: “Aybdor Sen emas, balki boshqalar”.
Ellis ishlaridan ba’zi parchalarni keltirib o‘tamiz. Atrof-muhitda ro‘y berayotgan asabingni buzadigan va hissiy zo‘riqishga majbur qiladigan voqea-hodisalar Senga qaratilgan emas, ular o‘z yo‘liga ro‘y beraveradi. Kim tomonidan ko‘rsatilishidan qat’iy nazar Senga nisbatan bildirilayotgan ayblov va kamsitishlar aslida Sening haqiqiy shaxsingni ifodalab bermaydi, bu o‘sha odamning shaxsiy fikri. U o‘z dunyoqarishi va senga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib shu fikrda. Aslida unday emas!
Ellis fikricha, quyidagi 3 qoidaga qat’iyan amal qilishga urinaverish, kishini har doim xavotirda ushlaydi: 1) o‘ziga hadeb talab qo‘yaverish (“men unday bo‘lishim kerak, bunday bo‘lishim kerak”); 2) boshqalarning unga hadeb talab qo‘yaverishi (“sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak”); 3) uning boshqalarga hadeb talab qo‘yaverishi (“odamlar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”). Mana shu “Uchta kerak” tamoyili – xavotir va depressiya manbaidir.
“Uchta kerak” qoidasiga amal qilaverish o‘zingiz haqingizda quyidagi fikrlarni shakllantiradi va xavotirga mezon yarataveradi:
Men shunday harakatlar qilishim kerakki, meni boshqalar tan olsin! Aks holda men hech kimman!
Men qanday hoxlasam, atrofdagilar meni shundayligimcha qabul qilishi kerak! Aks holda ular yomon odam va har qanday jazoga mahkum!
Men nimani hoxlasam, qachon hoxlasam va qayerda hoxlasam, shunga ega bo‘lishim kerak! Menga kerak bo‘lmagan narsalarga mening toqatim yo‘q!
Ratsional-emotiv terapiya o‘zi haqida insonning miyasiga o‘rnashib qolgan stereotip fikrlardan uni ozod etish va shu sababli o‘zgargan xatti-harakatlarni korreksiya qilishga qaratilgan. Ratsional-emotiv terapiya uslubida ham kognitiv-bixevioral terapiyadagi kabi fikr va hulq-atvor parallel tarzda korreksiya qilib boriladi. Biroq taktika boshqacha. Bu metodda ham uyga vazifalar beriladi, uni bajarishga qiynalgan paytlarda yordam qilinadi, vazifalar to‘la bajarilsa, rag‘batlantiriladi. Biroq psixoterapevtik muolajalar paytida psixoterapevtning o‘zi ham “Kerak” stilini o‘z mijoziga qo‘llamasligi lozim.