Toshkent, Olmazor tumani, Shifokorlar ko'chasi, 22/1-uy
+998900434499
Neyropsixologiya

Tarixga bir nazar

Neyropsixologiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida oliy ruhiy funksiyalar markazlarini aniqlashga urinishlardan boshlangan. 1836-yili Fransiyaning kichik bir shahrida tibbiy jamiyat yig‘ilishlaridan birida oddiy vrach Mark Daks jamiyat raisidan o‘zining kuzatuvlari to‘g‘risida ma’lumot berishga ruxsat so‘raydi. Uning nutqida quyidagi jumlalar bor edi: «Men bosh miyaning chap yarim shari zararlangan bemorlarning barchasida nutq buzilishlarini kuzatdim, lekin o‘ng yarim shar zararlangan bemorlarning birortasida ham nutq buzilishi uchramadi. Demak, aynan bosh miyaning chap yarim shari nutq uchun mas’ul, ya’ni u yerda nutq markazlari joylashgan». Bu paytgacha nutq uchun bosh miyaning ikkala yarim shari ham javob beradi deb, faraz qilinardi. Lekin u o‘z mulohazalarini anatomik tekshiruvlar bilan tasdiqlamagan (bunga imkoniyat bo‘lsa-da) va chop qildirmagan. Shuning uchun ham M.Daksning og‘zaki qilgan ma’lumotiga o‘sha kuni olimlar e’tibor ham qilmadi va ushbu to‘g‘ri fikr tez orada unutildi.

1861-yili yosh fransuz olimi atropolog Pol Brok nutqi buzilgan va tananing o‘ng tomoni falajlangan bitta bemorni kuzatadi. Bu bemor tez orada vafot etadi. Uning bosh miyasi ochib tekshirilganda, chap yarim sharning pastki peshona pushtasining orqa qismida infarkt o‘chog‘i aniqlanadi (bu soha keyinchalik Brok markazi deb atalib boshlandi). Ushbu bemorning miyasi xanuzgacha Parijdagi tibbiyot muzeyida saqlanib keladi. Bemor atrofdagilarning gapiga tushunsa-da, o‘zi gapira olmasdi, faqat “ta-ta-ta” degan tovush chiqarardi xolos. Nutq buzilishining bu turi keyinchalik «motor afaziya» deb nom oldi. O‘sha davrdan boshlab bosh miyada turli markazlarni izlash katta qiziqish bilan boshlanib ketadi. Biroz vaqt o‘tmay, nemis psixiatri K.Vernike 1874-yili chap chakka bo‘lagining ustki pushtasi zararlanganda ham nutq buzilishini kuzatib, sensor nutq markazini aniqlaydi.

1876-yili Ferriyer chakka bo‘lagida eshituv markazini, 1881-yili Munk itlarning bosh miyaning ensa qismi olib tashlanganda «narsalarni ko‘rsada, tanimasligini», o‘sha yili Eksner o‘rta peshona pushtasining orqa qismi zararlanganda yozish buzilishini aniqlaydilar.
Albatta, bu kashfiyotlar o‘sha davrdagi olimlarni hayratga soladi, ya’ni ular bosh miyada turli markazlar, hatto ong, xotira, tafakkur markazlarini izlab boshlashadi. Shu davrdan boshlab fanda «lokalizatsionizm» degan yo‘nalish yuzaga keladi. “Lokalizatsiya” iborasi fransuzchada «joy» degan ma’noni anglatadi.

1870-yili Finkelnburg lokalizatsionchilarga qarshi chiqib, bosh miya po‘stlog‘i zararlanganda «asimboliya» rivojlanadi, xolos deydi. Uning fikricha, simvollarni ishlatish qobiliyati buzilishi natijasida nutq faoliyati, narsalarni tanish va turli ongli harakatlarni bajarish buzilarkan. Lokalizatsionchilar nuqtai nazarini 1864-1874 yillari o‘zining kuzatuvlariga asoslanib, mashhur ingliz nevrologi D. Jekson tanqid qiladi. D. Jekson, asosan, nutqning dinamik tomonlari bilan qiziqdi. U «bosh miyada nutq buzilishiga sababchi bo‘lgan zararlanishni joylashtirish» va «nutqning o‘zini joylashtirish» ikki xil narsa, degan edi.

D. Jekson afaziyada nutq funksiyasining to‘la yo‘qolmasligiga e’tibor qaratadi. Afaziya kuzatilgan bemorda maqsadga yo‘naltirilgan nutq buzilishi mumkin, biroq hissiy nutq saqlanib qoladi, deb fikr yurgizadi u. Masalan, biron-bir so‘zni bemor affekt holatida aytib yuborishi, lekin ixtiyoriy holda esa gapira olmasligi mumkin. D. Jekson «nutqini yo‘qotgan» odam «so‘zlardan ham judo» bo‘lgan degani emas, chunki so‘zning anglanmagan qismi ham mavjuddir deydi. Shuning uchun «nutqidan judo» bo‘lgan bemorning fikrlash jarayoni biroz pasaysa-da, hali fikr yurgizishga qobiliyatli. D. Jekson maqsadga yo‘naltirilgan nutq bosh miyaning chap yarim shari bilan, hissiy nutq esa o‘ng yarim shar faoliyati bilan bog‘liq, deb aytgan.

D. Jekson birinchilardan bo‘lib, MNS funksiyalarining murakkab tuzilishi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surdi. Uning fikriga ko‘ra, har bir funksiya 3 bosqichdan iborat: «quyi» (orqa miya, miya ustuni), «o‘rta» (bosh miya po‘stlog‘ining harakat va sezgi markazlari) va «oliy» (bosh miyaning peshona bo‘lagi). «Oliy» markazlar zararlanganda nafaqat patologik simptomlar paydo bo‘ladi, balki ijobiy o‘zgarishlar ham kuzatiladi: «quyi» markazlar «oliy» markazlar nazoratidan xalos bo‘lib, o‘z faoliyatini kuchaytiradi. Bunga markaziy piramidal yo‘llar zararlanganda spinal reflekslarning kuchayishini misol qilib ko‘rsatadi. Agar afaziyada so‘zlash, o‘qish va yozish qobiliyatlarining buzilishi salbiy alomatlar bo‘lsa, hissiy nutq saqlanib qolishi va birovning so‘ziga tushunish ijobiy xislatlardir, degan edi D. Jekson. U 1868-yili afaziya nafaqat bosh miyaning chap yarim shari, balki o‘ng yarim shari zararlanganda ham kuzatilishini e’lon qilgan. Bu bemorlar chapaqay bo‘lgan. D. Jeksonning bu xulosalari bosh miyaning funksional asimmetriyasini o‘rganishga turtki bo‘ldi. Keyinchalik bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida bir qancha markazlar kashf qilindi. Shuning uchun olimlar D.Jeksonni “miyaning funksional asimmetriyasi” haqidagi ta’limotni birinchi bo‘lib ilgari surgan deb hisoblashadi.

Neyropsixologiya fani haqida tushuncha
Neyropsixologiya – bosh miyaning lokal va diffuz zararlanishlarida oliy ruhiy funksiyalarni o‘rganuvchi fan. Albatta bu fan oliy ruhiy funksiyalarning ontogenezda shakllanish bosqichlarini miyaning morfofunksional sistemalariga bog‘lab o‘rganadi. Neyropsixologiya nevrologiya, psixologiya va fiziologiya negizida shakllandi.

Dastlab neyropsixologiyada qo‘llaniladigan asosiy atamalar va iboralar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Funksional sistema – turli xil ongli faoliyat uchun mas’ul bo‘lgan afferent va efferent sistemalardan iborat morfofunksional tuzilma.
Neyropsixologik simptom – bosh miyaning lokal zararlanishlarida paydo bo‘ladigan oliy ruhiy funksiyaning buzilishi.
Birlamchi neyropsixologik simptom – aniq bir psixologik funksiyaga javob beruvchi markazning bevosita zararlanishi sababli yuzaga kelgan simptom.
Ikkilamchi neyropsixologik simptom – birlamchi neyropsixologik simptom paydo bo‘lganligi sababli yuzaga kelgan boshqa oliy ruhiy funksiyaning buzilishi.
Neyropsixologik sindrom – kelib chiqish mexanizmi bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir nechta neyropsixologik simptomlar yig‘indisi.
Neyropsixologik faktor – neyropsixologik sindromni yuzaga keltiruvchi etiologik omil.
Sindrom analizi (faktor analizi) – morfofunksional tuzilmalar zararlanishi sababli yuzaga kelgan neyropsixologik buzilishlarni aniqlash usuli.
Neyropsixologik tashxis – bosh miyaning lokal va diffuz zararlanishlarida topik tashxisni aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan neyropsixologik tekshiruvlar natijasida olingan xulosa.
Oliy ruhiy funksiyalar lokalizatsiyasi – bosh miyaning ma’lum bir sohasini aniq bir oliy ruhiy funksiyaga mas’ulligini ko‘rsatib beruvchi tushuncha.
Yarimsharlararo funksional asimmetriya – bosh miyaning chap va o‘ng yarim sharlarida funksiyalarning asimmetrik tarzda joylashuvi.
Yarimsharlararo munosabatlar – ma’lum bir funksiyalarni bajarishda ikkala yarim sharning o‘zaro ishtirokini ko‘rsatib beruvchi ibora.

Neyropsixologik terapiya

diqqat va xotira buzilishlari tashxisi va davosi
Alsxaymer kasalligi va boshqa demensiyalar tashxisi va davosi
insultdan keyingi nutq buzilishlari tashxisi va davosi
bolalarda aqliy zaiflik tashxisi va davosi
uyqu buzilishlari va tashxisi va davosi

Scroll to Top