Toshkent, Olmazor tumani, Shifokorlar ko'chasi, 22/1-uy
+998900434499
Soxta psixologlar haqida

“INSON QALBI BILAN HAZILLASHMANG”

Dunyodagi tadqiqot institutlarining ilmiy xulosalarida tojli virus chillasi odamlarning ruhiy salomatligiga katta ziyon yetkazgani bot-bot ta’kidlanmoqda. 2020-yildan so‘ng yurtimizda ham aholining, ayniqsa, ayollarning ruhiyati, xulq-atvori va yaqinlari bilan munosabatlarida muammolari keskin oshgan. Ruhiy buzilish, vahima va xavotirlar soni ortib, psixologlarga ehtiyoj juda kuchaygan. Inson shifo istab mutaxassisga murojaat qilsa-yu, davo topsa, nur ustiga a’lo nur. Ammo soxta mutaxassisga yo‘liqib, ahvoli battar bo‘lsa, bundan ortiq ko‘rgulik yo‘q.
Oxirgi paytlar O‘zbekistonda soxta psixologlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘payib ketayotgani xavotirli. Jamiyatimizda katta bahs-munozaralar markazida bo‘layotgan soxta psixologlar ham, aslida, oydan tushmagan. Ularga uch yil burungi chilla (pandemiya) va erkaklarga nisbatan ayollarimizning ruhiy yordamga moyilligi ko‘proq qo‘l kelmoqda. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini psixolog deb tanishtirayotgan firibgarlar ming-minglab ayollarni osongina chuv tushirmoqda. Psixologik yordam ko‘rsatishni iddao qilayotgan shaxslarning aksariyati uquvsiz, tajribasiz, bilimsiz, zo‘rg‘a uch oylik kursni o‘qib chiqqan. Soxta psixologlarning nayranglarini bilib qolgan odamlar "Bizga psixologiya kerakmi?" degan savolni ham o‘rtaga tashlamoqda. Aslida, bugungi psixologiya deganda nimani tushunish kerak? Keling, shu soha mutaxassislarining bu haqdagi fikrlarini o‘rganamiz.
Nargiza Sultonova (30 yosh), hisobchi:
— Oilaviy muammolarim sababli internetda mashhur bo‘lgan bir psixolog qabuliga yozildim. Avvaliga, o‘zini psixolog atagan kimsa muammolarimni eshitdi, hammasiga o‘zimni aybladi. Sizni o‘zgartiramiz, dedi. Er va xotin munosabatimiz chetda qolib, atrofimda bo‘layotgan barcha dilxiraliklar, xotiralar tubida saqlanib yotgan ota-onam bilan aloqalarim, bolaligimdagi masalalar ko‘tarilib ketdi. Xullas, barchasiga kelib chiqish tarixim, genim va hokazolar aybdor emish. O‘sha kuni yuragim og‘rib, ruhan ezildim.
O‘sha psixolog bilan uch dars ishlashim kerak edi. Ikki marta qabuliga bordim. Maslahatlarining ko‘piga tushunmadim. Boshida taqdirga tan berib yashash haqida rosa uqtirdi. Keyin hammasini o‘zgartirish o‘z qo‘limda ekanini tushuntirdi. Savol beray desam, "Meni eshitishni istamayapsiz, qarshi chiqyapsiz, muammolaringiz shuning uchun ham ko‘payib ketgan, yana ko‘payaveradi", deya og‘zimga urdi. Indamay eshitib o‘tirishdan boshqa ilojim qolmadi. Bir yarim soat vaqtni bir amallab o‘tkazdim. Bir million to‘rt yuz ming so‘m to‘ladim. Tag‘in ham bu chegirmali narx ekan. Aslida, odamlar uning qabuliga bir soatga bir million so‘m to‘lab kirarkan. Uchinchi darsiga borib o‘tirmadim. Muammolarim o‘zim bilan qolaverdi. Hozir bekorga pulim va vaqtim ketganiga achinib o‘tiribman.
Matluba Tosheva (64 yosh):
— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Baxtiyor oila" kitobidan bugungi kunda ko‘p psixologlar foydalanadi, hatto, iqtiboslar keltiradi. Shu kitobni qo‘lingizga olib, bir marta e’tibor bilan o‘qib chiqing, aziz ayollar. Najotni psixologdan izlashga ehtiyoj qolmaydi. Chin musulmon kishida aslida psixologga ehtiyoj sezilmaydi. Hozir din ahkomlarini biladiganlar ko‘p, amal qiladiganlar kam. Najot iymonda, sabr va qalb halovatida. Tushunaman, agar sizda nasliy yoki ruhiy qandaydir kasallik bo‘lsa, bu yordam bermaydi. Bunday hollarda psixiatr yoki psixoterapevtga murojaat qiling, ijtimoiy tarmoqlarda fazoviy o‘zgarishlarni va’da qilayotgan lo‘ttibozlarga emas.

Zarifboy Ibodullayev, Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi muallifi, tibbiy psixolog:

Psixologiya o‘ta murakkab va mas’uliyatli fan. Psixolog doimiy izlanish, o‘z ustida ishlashga majbur. Bugun asl psixolog bilan ezoterik, parapsixolog kabi tushunchalar qorishib ketdi. Buddizm, nasroniylik ta’limotlari asosiga qurilgan g‘oyalar, veda madaniyati guruhlari aqidalari ommaviy singdirila boshlandi. Unisidan bir chimdim, bunisidan bir chimdim olib, bo‘tqa pishirib yotgan kishilar o‘zlarini bexijolat "psixolog" deb atashmoqda. Har xil mavzudagi ma’ruzalarini internetga joylab, auditoriyaga ta’sir o‘tkazishga urinmoqda. Hozirgi axborot asrida insonlarning informatsiyadan ta’sirlanishi juda yuqori. Ko‘pchilik ko‘rgan va eshitgan axboroti ta’sirida uzoq vaqt qarama-qarshi fikrlar girdobida qolib ketayapti. Bir fikrga kelolmay boshi berk ko‘chaga kirib qolmoqda. Inson ruhiyati juda nozik masala. Beqaror inson turli xil fikrlar qurshovida qolib ketsa, uni uyqusizlik, bezovtalik, vahima qurshab oladi. Hatto, ayrim insonlar o‘sha ma’ruzalarga bog‘lanib, zombiga aylanib ulgurgan. Bora-bora ruhiyatni shunaqa yopishqoq g‘oyalar va fikrlar o‘rab oladi. Inson turli bema’ni informatsiyalarni doimiy eshitavergach, unga ko‘r-ko‘rona amal qilishiga odatlanib qoladi.
O‘zbekistonda parapsixologiya, ezoterika, psixogenetika kabi yo‘nalishlar juda ommalashib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta shunday guruhlarni kuzatish mumkin. Ularda pulga minnatdorchilik bildirish, koinotga yuzlanish, quyosh, oy kabi osmon jismlaridan so‘rash kabi maslahatlar berilmoqda. O‘zi 3 oylik kursda o‘qib chiqqan-chiqmagani noma’lum "psixologlar" xizmat ko‘rsatish bilan birga shogirdlar tayyorlash kurslarini boshlab yuborgan. Bu kurslarda har oyda o‘ndan ortiq ayol "professional" bo‘lib yetishayotgan ekan. Aslida, oddiy bir kasbni mukammal egallash uchun yillar davomida o‘qish va malaka oshirish kerak. Qararngki, bu yerda inson ruhiyati bilan bog‘liq sohaga 3 oy vaqt yetarli, deb qaralmoqda. Ayniqsa, psixologiyada eng kamida fundamental bilimlar uchun universitetlarda professor o‘qituvchilar tomonidan to‘rt yil davomida talabalarga ta’lim beriladi. Islom diniga mos kelmaydigan turli nazariyalar, mashqlar, seanslar o‘tkazish shunchalar oson ish bo‘lib qoldiki, instagram yoki telegramm kanallarida obunachi yig‘ib olsa bo‘ldi.
Biz Respublikadagi vaziyatni nazoratga olish, psixologlarni o‘qitish va malakasini oshirib maqsadida “O‘zbekiston neyropsixologlari va klinik psixologlari” assotsiatsiyasini tuzish uchun mana 1 yildan buyon Adliya vazirligiga ketma-ket ariza berib kelayapmiz. Har gal turli vajlar bilan rad javobini berishadi. Agar biz ushbu assotsiatsiyani tuzsak, jamiyatimizni soxta psixologlardan tozalashni ham yo‘lga qo‘yardik.

Dildora Amirjonova, Toshkent tibbiyot akademiyasi PhD doktoranti, tibbiy psixolog, gipnoterapevt

Bugungi psixologlar qilayotgan ishlar haqida o‘ylasam, “Asab va ruhiyat” kitobida taniqli professor tomonidan bitilgan ushbu aforizm tez-tez yodimga tushadi: “Inson ruhiyatiga hamla qilmang, uning oqibati siz uchun ham, o‘sha inson uchun ham yomon bo‘ladi”. Ko‘pgina odamlar psixologlarga murojaat qilib, yordam topmaganini aytishadi. Ayrimlar ma’lum vaqt o‘zgardim deb yurib, oradan bir yil o‘tib-o‘tmay yana badtar tushkunlikka tushib qoladi. Bu odamlar psixologlar yoki psixoterapevtlarga emas, balki soxta ezoteriklarga duch kelgan. Psixologiya inson ruhiy jarohatlari va xafagarchilikdan xalos bo‘lishida yordam bersa, ezoterizm har qanday muammoga yechim topishni va’da qiladi.
Odatda, bemorlar ichki dunyosini tahlil qilishni kutadi, biroq ezoteriklar ularni butkul boshqa ko‘chalarga kiritib yuboradi. Ko‘pincha ezoterizm bo‘yicha kitoblar va treninglar psixologiya nomi ostida yashirinadi. Chunki inson ongida fan va tasavvur uyg‘unligidagi formulalar tez ishonch qozonadi va yaxshi daromad keltiradi. Odamlar ilohiyot, mo‘jiza kabi sirli bilimlarga bir tomondan qiziqsa, boshqa tomondan cho‘chib turadi. Bu yerda ularga sirli jumboqlarni fan bilan bog‘lab, muammolarni hal qilish taklif etiladi. Bu ongga ta’sir qilish, ishonch qozonishning samarali usuli.
Ezoterizm hayotning sirli mohiyati haqidagi qarashlar tizimi. Sehr va mo‘jizalarga ishontirishga usta. Bunday g‘oyalarga moyil va hayotning eng katta ma’nosini izlayotgan odamlar ko‘pincha ezoteriklarga aylanadi. Ezoteriklar insonning zaif tomonlarini qanday topishni yaxshi bilishadi. Sehrni o‘rgatadi, hayotga fikrlar bilan ta’sir qilish, pulni jalb qilish, tana quvvatini boshqarish kabilar haqida gapiradi. Munajjimlar bashorati, quyosh, oy, koinot va boshqa energiyalarga murojaat qiladi. Koinot qonunlariga rioya qilishni va "tabiat" ga qaytishni so‘raydi. O‘tgan ajdodlar, ota-onalar ruhi bilan ishlaydi. Shu yo‘l bilan o‘zbek ayollarining soddaligidan foydalanib pul ishlaydi.
Bugun psixologiyaga otilayotgan toshlar va ishonchsizlik kayfiyatining asl sababi sohada nazorat yo‘lga qo‘yilmagani tufayli. Masalan, kardiolog shifokor deyilsa, universitetda ta’lim olgan, oliy ma’lumotli, diplomi, bilimi va malakasi bor mutaxassisni tushunamiz. Psixolog ham xuddi shunday mutaxassis aslida. U ham oliy ta’lim maskanida o‘qishi, psixologiyaning asosiy ilmidan xabardor bo‘lishi kerak. Bu yerda umumiy psixologiya xaqida gap borayapti. Odatda, umumiy psixologiyada insonning ruhiyati qanday ishlashi, insonning ruhiy tizimi, idrok etishi, sezgi, tafakkur, tasavvur kabi holatlari bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. Jamiyat psixologiyasi, oila psixologiyasi, bolalar psixologiyasi, insonning xarakteri, temperamenti degan tushunchalar bor.
Professor Zarifboy Ibodullayev mana 25 yildirki tibbiyot psixologiyasini rivojlantirish borasida sa’yi harakatlar qilib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan tibbiyot oliygohlarida “Tibbiyot psixologiyasi” bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlarini tashkil etilgan. Bugungi kunda “Klinik psixolog” va “Tibbiy psixolog” mutaxassislarni keng miqyosda tayrlashni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Umumiy psixolog hal qila olmagan muammoni tibbiy psixolog albatta yechimini topadi.
Madina Jo‘rayeva, "Muslimaat. o‘z" sayti psixologi:
— Din arbobi ilmni yaxshi o‘rganib, ma’lum bir ijozalarni qo‘lga kiritgach, odamlarga shariatni o‘rgatishi mumkin. Shu ma’noda, psixolog ham avval insonning ruhiyatini yaxshi bilishi zarur. Ya’ni, insonning ruhiy salomatligi va ruhiy buzilishlarini ilmiy jihatdan puxta o‘rganmaguncha hech kimning psixologlikka da’vo qilishga haqqi yo‘q. Odam qalbini yanglish yo‘llarga burib yuborishning javobi juda og‘ir.
Qabuliga kelgan kishiga psixolog maslahat bermaydi. To‘g‘ri yo‘lni topishga yo‘nalish beradi, xolos. Bemorga tashxis qo‘yish uchun uni tinglaydi, muammolarini aniqlaydi va ruhiy yordam beradi. Psixologlardan bir soatda katta o‘zgarish yoki mo‘jiza kutish bema’nilik. Afsuski, buni hamma ham bilavermaydi.
Hozir ko‘pchilik psixolog deganda, “koinotga o‘zidan qandaydir energiya yo‘llash”, “har kuni oynaga qarab, “men baxtliman” deb tinmay takrorlash”, “pullar bilan suhbatlashish” kabi tutruqsiz maslahatlar beradigan mahmadanalarni ko‘z oldiga keltiradi. Tabiiyki, bu dunyobexabarlik soxta psixologlarga qo‘l keladi. Ular hech bir javobgarlik his qilmay, ommaviy seanslar, turli terapiyalarni bosib o‘tkazaveradi. Ochig‘i, bunaqa ishlar zamonaviy firibgarlikning bir ko‘rinishi. O‘zgalarning tashvishidan foydalanib, jaraq-jaraq soqqa qilayotganlar hech kimdan qo‘rqmayotgani xavotir uyg‘otadi kishida. Nima, odamlarni turli yolg‘onlar — “naslni tozalash”, “genetikani o‘zgartirish”, “pul chaqirish san’ati”ga o‘xshash yuzlab axmoqona mavzular bilan jalb qilayotganlarga shahar bedarvozami? Ularning faoliyatini mutasaddi tashkilotlar nazoratga olmaydimi?

Shoira Isoqova, oila va bolalar psixologi:
— Yurtimizda oliy o‘quv yurtlarida psixolog mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha talay ishlar olib borilmoqda. Qisqa vaqtlarda mazkur muammolarning ijobiy yechimi bo‘ladi, albatta. Shu kunlarda O‘zbekistonda aholining psixologiyaga bo‘lgan munosabatini oladigan bo‘lsak, avvalo, psixologiyaning hech qanday yo‘nalish yoki oqimga taalluqli emasligini aytib o‘tmoqchi edim. Bu falsafadan ajralib chiqqan bir yo‘nalish va inson ruhiyatini o‘rganuvchi fan. Buni bilgan-bilmagan, o‘qigan-o‘qimagan odamlar ham ommaga oldiga chiqib, o‘zidan bir xaloskor yasay boshlashdi. Buning hisobiga ilmsiz soxta psixologlar qatlami vujudga keldi. Ya’ni, ular pul evaziga biznes boshlab, inson ruhiyatini obyekt qilib olishdi. Aslida, psixolog bo‘lish uchun oliy ta’lim muassalarida o‘qish, eng kamida bakalavr, bo‘lmasa magistr darajasi talab etiladi. Amaliyotda esa hech qayerda o‘qimagan yoki kimlarningdir ikki yo uch oylik kurslarida, seminarlarida qatnashib, “sertifikat” olgan chalamullalar o‘zini psixolog sifatida tanishtirayapti. O‘zlarini psixolog, ezoterik, motivator yoki boshqa nomlar bilan atab, bemor qabul qilishyapti. Oqibatda, ruhiy bemorlarning ahvolini yanada og‘irlashtirib qo‘yishyapti. Pixologiyaning barcha uslublari ilmiy asosga ega, yillar davomida taqdiqotlar natijasida amalga qo‘yilgan metodlar qo‘llaniladi. Umuman, shaxsni o‘rganmay, uning individual xususiyatlarini, ijtimoiylashuv jarayonlarini bilmay, bu sohaga kirishish mumkin emas. Chunki bu soha insonning ruhini, ongini nafaqat yaxshi tomonga, balki yomon tarafga o‘zgartirib yuborishi ham hech gap emas. Ilm-fanda yo‘q bo‘lgan, o‘zlari o‘ylab topgan o‘y-xayollari va fantaziyalari asosida bemorlarni davolamoqchi bo‘layotganlar katta xato qiladilar.
O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi Shoira Isoqovaning bildirishicha, hozirda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bu borada hujjat tayyorlangan. Shu kunlarda psixologlar faoliyatini nazoratga soluvchi me’yoriy hujjat ishlab chiqilishi kutilmoqda. Agar hujjat qonuniy kuchga kirsa, u ijtimoiy tarmoqlardagi soxta psixologlar faoliyatini o‘rganadi va litsenziya masalasi o‘rtaga chiqadi. Ya’ni soha qonun bilan tartibga solinadi.

Feruza RAIMJON qizi

Scroll to Top