Agarda psixoterapevt kabinetiga bir emas, ikkita eshik o‘rnatilsa va biriga “Oiladan aziyat chekkanlar kirsin”, ikkinchisiga “Ishxonasidan aziyat chekkanlar kirsin” deb yozib qo‘yilsa, nima deb o‘ylaysiz, qaysi eshikdan kiruvchilar ko‘p bo‘lardi? Albatta birinchi eshikdan kiradiganlar juda ko‘p bo‘lardi. Chunki oilaviy nizolardan olinadigan psixologik zarba kuchli bo‘ladi. Shu bois ham “Oilaviy psixoterapevt” degan mutaxassislik bor. Ular faqat oilaviy nizolar bilan ishlashadi. Ularning ishi haqida qisqaqa ma’lumot berib o‘tamiz.
Oilaviy psixoterapiya avvalombor oila a’zolari bilan psixologik muhitni yaxshilashga qaratilgan. Bunda mijozning har bir oila a’zosi bilan bo‘ladigan munosabatlari o‘rganib tahlil qilinadi. Oiladagi kelishmovchiliklar qanday paytlarda yuzaga keladi, nima uchun kelib chiqadi, qaysi vaziyatlarda u o‘zini qanday tutadi kabi savollarga oydinlik kiritiladi, javob izlanadi va bu vaziyatdan chiqish bo‘yicha mashqlar qilinadi. Bu maqsadda oila a’zolari bilan ham suhbatlar quriladi. Chunki psixologga murojaat qilib kelgan bemorlar deyarli har doim o‘zini vaziyat qurboni deb biladi. Aslida esa unday bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun uning haqida oila a’zolarining fikrini bilish ham o‘ta muhim.
Oilaviy psixoterapevt mijozning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu o‘ta muhim. Chunki ba’zan oilada shunday motamsaro muhit yaratiladiki, bu faqat nevroz yoki depressiyadan aziyat chekayotgan odamning ahvolini og‘irlashtiradi va suitsidal urinishlarni kuchaytiradi xolos.
Har qanday psixoterapevtik muolajada mijozga hadeb yonbosaverish ham, uning hulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Undagi yomon fikrlar depressiya belgisi, bu belgilar vaqt kelib albatta o‘tib ketadi, kabi so‘zlar bilan taskin beriladi. Suitsidal fikrlar va urinishlar aniqlangan holatda uni yolg‘iz qoldirmaslik kerak Oila a’zolari tomondan nazorat shunday bo‘lishi kerakki, mijozning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida, asosan, uni so‘zlatish va his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish o‘ta muhim.
Zarifboy Ibodullayev
Zarifboy Ibodullayevning
“Tibbiyot psixologiyasi”
kitobidan olindi.